Ingliz va o‘zbek tili fe’llarining semantik tahlili (yig‘i fe’llari misolida)
Semantika tildagi ma'nonini o'rganadi. Biz bilamizki, til tushunilishi mumkin bo‘lgan turli xil ma'nolarni ifodalash uchun ishlatiladi. Ammo ma'nolar bizning ongimizda mavjud va biz ongimizdagi tushunchalarni og'zaki hamda yozma nutq (shuningdek, imo-ishoralar, harakatlar va boshqalar ) orqali ifodalashimiz mumkin. Tilning tovush shakllari fonetika sohasida izchil o‘rganilsa, soʻz va gaplarning tuzilishi haqidagi ma‘lumotlarga esa morfologiya va sintaksis bo‘limlarida ega bo‘lishimiz mumkin. Ushbu tilshunoslik bo‘limlari biz ma’lum bir gap yoki xabarning asl ma’nosini anglashimiz yoki suhbatdoshga yetkazishimiz uchun xizmat qiladi. “Til mazmunli boʻlishi uchun qanday tuzilishga ega?” Semantika tushunchasi ushbu savolga yaqqol javob bo‘la oladi. Semantika - bu ma'no tahlil qilinadigan lingvistik tahlil darajasidir. Bugungi kunda ma’lum bir tilni nafaqat yaxshi o‘rganish, balki uni to’g‘ri tahlil va tadqiq qilish uchun eng asosiy o‘rganilishi muhim bo‘lgan lingvistik sohalardan biri semantikadir.
So’zlarning semantik tipologiyasi doirasida turli tillarda uchraydigan atrof-muhit, borliqni tushunchalarga ajratishdagi farqlar, tafovutlar o‘rganiladi. Boshqacharoq qilib tushuntirganda, bu lingvistikaning turli tillar o‘rtasidagi ma’no anglatish konseptini tipologik jihatdan talqin etuvchi lingvistik soha hisoblanadi. O‘z navbatida, turli tillar o‘rtasidagi ular anglatgan ma’no konsepsiyasini o‘rganish til, madaniyat va idrokning o‘zaro bir-biriga ta’sir doirasini o‘rganish demakdir.Shundan kelib chiqib, lingvistika bilan antropologiya, psixologiya va shu kabi boshqa sohalar o‘rtasida o‘zaro bog‘liqlik borligi yaqqol namoyon bo‘ladi.Uning ayniqsa kognitiv tilshunoslik bilan bevosta aloqasi yuzaga chiqadi. Lingvistik semantika hamda kognitiv tilshunoslik sohalari bir-biriga chambarchas bog‘liqligi hususida bir necha amerikalik tilshunoslar o‘z fikrlarini keltirib o‘tganlar, jumladan, L.Talmi va R.Lenekera asarlarida bu haqida to‘liq va aniq javob olishimiz mumkin.
Jahon tilshunoslik sohasida so‘nggi bir necha yillar davomida semantic tipologiya yuzasidan olib borilgan ishlar anchagina ko‘paydi. Ulardan ba’zilari semantik tipologiya konseptini umumiy jihatdan muhokama qilgan bo‘lsalar (Bach va Chao , 2009; Evans, 2011), boshqa semantikaga oid ishlar aynan semantikaning kategoriyalar va ularning turli tillar o‘rtasida foydalanishdagi tadqiqiga bag‘ishlabgan (Boas, 1911; Sapir, 1929; Whorf, 1956; Witkowski and Brown, 1978; Wierzbicka, 1992; Koch, 2001; Brown, 2001; Boster, 2005; Koptjevskaja-Tamm et al., 2007; Malt and Majid, 2013; Majid, 2015).
Tilshunoslik tarixida so‘z tushunchasi turli domenlarda, xususan, qon-qarindoshlik (Murdock, 1949; Nerlove and Romney, 1967), ranglar jilosida (Berlin and Kay, 1969; Kay and McDaniel, 1978), urug‘ biologiyasi (Brown, 1984; Berlin, 1992), raqamlar sistemasi (Greenberg, 1978; Comrie, 2013), va makon-joy (Talmy, 2000; Levinson and Meira, 2003; Majid et al., 2004)1 domenlarida ulkan ishtiyoq bilan tipologik jihatdan o‘rganildi.
Aynan mamlakatimiz tilshunoslik sohasida fe’llar tipologiyasi bo‘yicha bir qator o‘zbek olimlari, shu jumladan, O‘.Q.Yusupov, J.B.Bo‘ronov, A.S.Sodiqov, M.T.Irisqulov, R.Z.Muryasov, S.A.Xamzayev, G‘.K.Mirsanov, T.Ergashev, N.R.Karimova, A.Q.Po‘latovlar2 tomonidan ingliz va o‘zbek tillarida uchraydigan fe’l va uning turlari, fe’l so‘z turkumidagi so‘zlar ustida chog‘ishtirma tahlil olib borganlar.
Tilshunoslik sohasining aynan semantika bo‘limida tildagi rivojlanishning aynan madaniy taraqqiyotiga oid o‘zgarishlarni uchratamiz. Shu o‘rinda keltirib o‘tishimiz joizki, A.Verbiskaya semantikani “ma’no olamining ko‘zni qamashtiradigan go‘zalligi” deb ta’riflagan.3 Yana bir tilshunos olim Leo Spitzerning tasnifiga ko‘ra esa, “mazmun madaniy iqlimning eng yaxshi barometridir”4 –tilni o‘rganishdagi eng asosiy o‘lchov birligi bu ma’no va mazmun mushtarakligidir.Ammo tilning ifoda sathidagi birliklari bo‘lmish morfema, so‘z va gap bir necha bor tahlil va tadqiq qilingan, aniq va lo‘nda andozalarga mos keladigan, qonun-qoidalarga bo‘ysunadigan bo‘lishiga qaramasdan, uning ma’no planidagi birliklari bo‘lgan sememalar hali to‘liq va mufassal holatda o‘rganilgani yo‘q, shu bilan birga, u tizimlashganlikdan ko‘ra ko‘proq kontekstuallik hususiyatiga ega. “Tilda mavjud cheksiz tushuncha va kategoriyalar ichidan ko‘pchiligi xilma-xil, mavhum va aniq sarhadlarga ega emasligi bilan ajralib turadi. Juda kam qismigina nisbatan yaqinroq chegaralarga ega bo‘lib, xolisona o‘xshashlik va farqlar asosida tadqiq qilinsa bo‘ladi”, deb yozadi David Luis5. Bundan kelib chiqadiki, tillar o‘rtasidagi o’zaro mazmunni chog‘ishtirib o‘rganishning o‘ziga yarasha murakkabliklari olib borilayotgan ishda maqsad yo‘lida biroz to‘sqinliklar tug‘dirishi mumkin.
Eng avvalo, semantik tipologiya tushunchasi to‘g‘risida to‘liq tushunchaga ega bo‘lishimiz uchun uning eng kichik birligi haqida fikr yuritishimiz to‘g‘ri bo‘ladi. Nikolas Evansning fikriga ko‘ra, lingvistikaning ushbu ma’no ifodasi bilan shug‘ullanadigan sohasi o‘ziga asosiy birlik sifatida belgi (ingliz tilida the sign) tanlaydi6. Belgi konsepsiyasi bir va undan ortiq mazmunga ega bo‘lib, birgina lingvistikaning turli sohalari nuqtai nazaridan har xil ko‘rinishda namoyon bo‘ladi. Misol tariqasida, kompyuter lingvistikasi sohasida istalgan punktuatsiya, sonlar yoki harf va hattoki ixtiyoriy tasvirga belgi sifatida qaralsa, psixolingvistikada esa, oddiy bir tovushlar ham insoniyat ongida obyektiv bir mazmun anglatganligi bois, uni bemalol eng kichik tadqiqot obyekti sifatida olishimiz mumkin.
Semantika sohasida esa mazmun ifodasiga ko‘ra morfema ham fundamental belgi vazifasida kela oladi. Ammo tahlil davomida semantik tipologiyaning vositachi birligi sifatida faqatgina leksemalarga asosiy fokusni qaratamiz.
Aynan mana shu joyda semantik tipologiyaning leksik tipologiya bilan chambarchas bog‘liqligini ko‘rishimiz mumkin. Xususan, leksik sistema tipologiyasidagi bir necha muhim vazifalar bilan semantik tipologiya ham bevosita shug‘ullanadi7. Ular quyidagilar:
So‘z jamg‘armasining hajmi
Leksikaning semantik-tematik strukturasi
Lug‘at tuzilishidagi stilistik rang-baranglik va keng ko‘lamlilik
Turli ma’no ifodalashdagi yangi manbalar va lug‘atlarni vositali kengaytirishdagi nisbiy samaradorlik (Semantik so‘z yasalishi, turg‘un birikmalarning hosil qilinish yo‘llari, morfologik so‘z ysalishi va boshqa tillardan so‘z o‘zlashtirib olinishi)
Zero, ma’lum bir tildagi leksikaning semantik-tematik strukturasi haqida fikr yuritilganda, quyidagi qiziqarli misollarni keltirib o‘tishimiz lozim bo‘ladi:
Eskimoslar tilida “qor”ni ifodalovchi so‘zlar soni nisbatan yuqoriligi,
O‘nlab turli daraxtlar va ayniqsa banan mevasi navlarini ifodalovchi so‘zlarning ko‘pligi tropik Afrika tillariga xosligi,
Dengiz bo‘yida istiqomat qiluvchi xalqlar tili va shevalarida “shamol” nomlari ko‘pligi,
Tibet tabobatidagi tarjima qilinmaydigan terminologiyaning tarmoqlanganligi
Buddizm diniy-falsafiy terminologiyasining yuqori iboraviyligi kabilar
Aynan ispan xalqi orasida qizlar, ayollarning ko‘zlarini tasvirlashda dengizga qiyoslab moviy so‘zi ishladi
Ma’lum bir tildagi so‘zlarni tahlil qilishda shubhasiz, semantik xaritalar ulkan ahamiyatga egadir. Misol tariqasida keltirilgan yuqoridagi tahlil natijalari esa ushbu turdagi xaritalar yaratishdagi eng asosiy shartlardan hisoblanadi. Aynan shu ko‘rinishdagi namunalar orqali biz turli xalqlarning o‘z atrof-muhitini ifodalashdagi semantik kategoriyalari o‘rtasidagi o‘xshashlik va tafovutlarni bilib olishimiz mumkin. Binobarin, tarixiy-geografik faktor va madaniyat omili borliqni tushunchalar asosida o‘rganishda o‘z ahamiyatini ko‘rsatmay qolmaydi.
Yaqqol namoyon bo‘lyaptiki, har qanday tilning lug‘at qamrovi va ma’no planini ushbu tilda so‘zlashuvchi aholi, millat yashab turgan ijtimoiy-geografik muhit-sharoit, ayni hududda shug‘ullanish imkoni bo‘lgan kasb va mashg‘ulotlar orqali o‘rganib, tushuncha hosil qilish, faraz qilish eng to‘g‘ri yo‘l bo‘ladi. Zero, shu joyida izohlab ketish lozimki, sinxronik nuqtai nazardan o‘zbek tili ma’lum jug‘rofiy chegara bilan o‘ralganligi sababli ham, tilning so‘z jamlanmasiga diaxronik yondashish til evolyutsiyasining tarixiga, ya’ni o‘z ma’nosida kattaroq hududlar, aholi soni ko‘p bo‘lgan milatlar, konsepsiyalar, mashg‘ulotlar va albatta ularning terminologiyalariga chuqurroq yondashishni taqozo etadi. Bu tahlil esa avval mavjud bo‘lgan leksikonning ma’no chegarasini yanada oshirib, hali ma’lum bo‘lmagan, hayratli semantik vaziyatlarni yuzaga keltirishi mumkin. Bo holatni ingliz tili tahliliga nisbatan oladigan bo‘lsak esa, bu borada umumiy xulosalar keltirish deyarli ilojisizdir. Buning asosiy sababi, bu til o‘z navbatida dunyoning ko‘plab etnik, tarixiy-madaniy, ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan bir-biriga o‘xshash bo‘lmagan madaniyatlar hamda xalqlarni birlashtira olgan. Shu bilan birgalikda, jadal rivojlanayotgan zamonda ixtiro qilinayotgan kashfiyotlar, yangiliklar bilan aloqador bo‘lgan yangi tushunchalarning ham ko‘pchiligi aynan shu til bilan bog‘liqligi hech kimga sir emas.
Jadallik bilan rivojlanib borayotgan hamda zamon taqozo etayotgan muqarrar ijtimoiy-madaniy aloqa almashinuvlari, uzluksiz axborot uzatilishlari tillararo paydo bo‘layotgan semantik so‘z yasalish jarayonlarini yanada tezlashtiradi. Aslini olganda esa, tilshunoslikda semantik so‘z yasalish holati qadimdan universal hodisa hisoblanib, u tilda mavjud bo‘lgan so‘zlarning yangi semalar bilan boyib borish jarayonini nazarda tutadi. Masalan, fransuz tili leksikoni o‘zbek tiliga (shu bilan birgalikda ingliz va rus tillariga ham) teginmoq, tegmoq, ya’ni “biror buyumni fiziokogik ushlash harakati”ni bildiruvchi so‘zga “his-tuyg‘ulariga tegib ketmoq, ta’sir qilmoq” semasini bergan (Fransuzcha “toucher” dan olingan)8.
Bizga ma’lumki, tilshunoslikda analitik va sintetik til tushunchalari mavjud. Bunda analitik turga kiruvchi tillar sintetik tillarga nisbatan ko‘proq polisemantik hususiyat kasb etadi. Ammo tillardagi semantik boyib boorish tabiatini chog‘ishtirish yo‘li bilan o‘rganish o‘ziga hos qiyinchiliklarga ega. Chunki bugungi kunda amalda foydalanilayotgan lug‘atlar tildagi hamma semalarni ham yoritavermaydi. Mavjud semalarning barchasini tahlil imkonsiz. Bu orqali esa semantik tipologik izlanishning diaxronik aspektda olib borilishi qanchalik qiyinchiliklar tug‘dirishi ehtimolini anglab olish mumkin.
Leksik polisemiya va koleksifikasiya hodisasi. Semantik tipologiya, shuningdek, tillarda mavjud semantik kategoriyalar polisemiyasidan ham ibtido olishi mumkin. Bunda tillararo о‘zaro takrorlanuvchi leksemalarning yoki ularning ekvivalentlarining mavjudligi, kо‘p ma’noliligi, ma’no kо‘chish xususiyatlari hamda morfologik о‘ziga xosliklarga egaligi maqsadga muvofiqdir.
Inson aql-zakovati, ongi shunday yaratilganki, u bir qarashda o‘z atrofidagi bir necha yuzlab o‘xshashliklarni hech qanday qiyinchiliklarsiz aniqlay oladi. Zero, tahlillar jarayonida qancha ko‘p tillar ustida tadqiqot olib borilsa, shunchalik ko‘plab turli xil metaforalar va kutilmagan tarzdagi ma’no ko‘chish hodisalariga guvoh bo‘lamiz. Lekin aniq va yaqqol ko‘rinib turgan namunalarga asosiy e’tiborni qaratib, semantik universallar bo‘lgan leksik polisemiyaning turli tillar o‘rtasida keng ko‘lamda tarqalganligi e’tiborimizdan chetda qoladi.
Leksik polisemiya ustida samarali tadqiqot olib borishning eng maqbul usuli-komponent tahlil metodidan foydalanishdir. Bu jihatdan yondashilganda, polisemantik so‘zlar tahlilida ularning tayanch va hosila ma’nolari o‘rtasidagi aloqa mazkur ma’nolar uchun umumiy hisoblangan semantic belgi (komponent)dan tashkil topgan bo‘ladi.9 Ushbu belgini I.Qo‘chqortoyev “taqqoslash asosi” deb atagan.
Ko‘p ma’noli so‘zning ko‘pchilik semalari hosila ma’no hisoblanib, ular asosiy tayanch ma’nodagi ma’lum bir unsurga chog‘ishtirilishi orqali vujudga keladi. “Leksik polisemiya” konsepti haqida to‘liqroq tushunchaga ega bo‘lish uchun I.Qo‘chqortoyev A.A.Potebnyaning bu hodisaga bog‘liq juda mukammal va mufassal tasvirini keltiradi:
“Lampaga kiydirib qo‘yilgan dumaloq oq qalpoqchani endi gapira boshlagan bolaga ko‘rsatib, “Bu nima?” deb so‘rab ko‘raylik. Bola bu narsani oldin ko‘p marta ko‘rgan, lekin unga ahamiyat bergan emas. Bola uni bilmaydi, chunki taassurotlarning izlari o‘zligicha bilim bo‘lolmaydi. Bizning maqsadimiz bolaning avvvalgi taassurotlariga yangi taassurotlar qo‘shish emas. Bizning maqsadimiz bolaning e’tiborini lampa haqidagi taassurotlari bilan bog‘lashga yo‘naltirishdan iborat. Bola savolga: “Tarvuzcha,”-deb javob berdi. Bu orada bolaning miyasida nomlash (atash) orqali bilish amali sodir bo‘ldi. Boshqacha qilib aytganda, bolaning miyasida bilinayotgan hali nomlanmagan narsani oldin bilingan, nomlangan narsaga taqqoslash, ular orasidagi o‘xshashlikni topish, bilish amali yuz berdi. Oq chinni sharni tarvuz deb atash bilan bola sharning rangi yashil, ichi qizil, ta’mi shirin deb o‘ylagani yo‘q… Avvalgi so‘zning ma’nosidan yangi ma’noga faqat bir belgi, dumaloqlik belgisi o‘tdi, xolos.”10
Misol sifatida keltirib o‘tilgan holatda bolaning millati masshtabiga ko‘ra tahlil qilsak, denotativ borliqni talqin qilishda asosan millatlar o‘zining asosan tarixiy-madaniy kechinmalari, bir necha asrlik tajribalari asosida shakllangan ijtimoiy tushunchalari e’tiqodiga tayanadilar. Shuning uchun boshqa tillarda, millatlarda mavjud bo‘lgan bir xil moddiy yoki nomoddiy konsepsiyalar aynan ularning ongida boshqacha kontekstual va ruhiy-emotsional konnotatsiyalar orqali ifodalanadi. Bundan xulosa qilishimiz mumkinki, bir-biriga yaqin yoki o‘zaro o‘xshash tarixiy-madaniy-ijtimoiy davrni, silsilani boshidan kechirgan millatlar leksikonida asosan bir xil yoki o‘zaro o‘xshash so‘zlar ko‘plab uchrab turadi. Bu hodisa lingvistika sohasida koleksifikatsiya11 fenomeni deb ataladi.
Ikki yoki bir necha tillar o‘rtasidagi semantik chog‘ishtiruv tahlili yuqori aniqlik va samaradorlikda olib borilishi uchun eng asosiysi ulardagi har bir polisemantik tarmoq semantik atomlarga bo‘lib olinishi darkor. Tadqiqotning tahliliy obyekti sifatida olingan har bir alohida konsepsiya uchun bu empirik metod quyidagi ikki bosqichga bo‘linadi:
Tahlilning ilk bosqichida ma’lum bir tildagi bir tushunchani lug‘aviy tasvirlaydigan so‘z topiladi va aynan usha so‘zning polisemantiklik hususiyatini ifodalash uchun uning turli ma’nolari ("atomlari”) aniqlanadi.
Keyingi bosqichda esa, ikkinchi til nisbatan tahlil qilinib, aniqlab olingan ma’nolar o‘xshash yoki yaqin lug‘aviy ifodalanishi, ya’ni koleksifikatsiya qilinishi, yangi ma’nolar bilan mavjud ro‘yhatni yanada kengaytirish mumkin yoki buning iloji yo‘q ekanligi aniqlanadi.
Aynan shu joyida ta’kidlab o‘tish joizki, olingan ixtiyoriy til qachonki ikki xil funksional ma’nolarni faqat bir xil leksik shakl orqali ifodalay olsagina, ularni koleksifikatsiyalashtirgan hisoblanadi. Koleksifikatsiya fenomeni tasviriy-semantik hususiyat kasb etib, so‘zning tarixiy izohlariga neytral yondashadi. Bu degani, tahlil jarayonida so‘zning evolyutsiyasidagi turli tarixiy ma’nolari o‘zaro koleksifikatsiyalashgan so‘z sifatida kelishi mumkin. Bu holat esa ma’lum bir tildagi leksikonlar boyishida qaysi xalqlar, millatlar xissasi qo‘shilganligini aniqlashda muhim omil sanaladi hamda ushbu til kelajagida qanday ma’nolar bilan lug‘aviy birliklar semantik yuki ortishi mumkinligi haqida ham biroz bo‘lsada tahminiy farazlar qila olish imkonini beradi.
Tahlildagi tillarda kuzatilgan koleksifikatsiya metodidan olingan natijalarning tarixiy, madaniy, geografik hamda mahalliy yo‘sinda tushuntirilishi boshlangan tadqiqotning navbatdagi bosqichi sanaladi. Bunda funksional yondashuvga ko‘ra qo‘llanishda bo‘lgan “muhit” termini nolisoniy sifatlarni o‘zida mujassamlashtiradi va albatta o‘zi faol foydalanishda bo‘lgan millatga chambarchas bog‘liq bo‘ladi.Misol tariqasida quyidagicha farazni keltirishimiz mumkin: masalan, ma’lum bir tilde qo‘y va qo‘chqor so‘zlari ayni bir xil lug‘aviy ifodalansa, demak, bu jamoada ushbu jinsiy farqning ahamiyati judayam kam, ya’ni bu yerda chorvachilik an’anaviy kasb bo‘lolmasligi mumkin.
Shu o‘rinda aytib o‘tishimiz lozimki, tilshunoslikda polisemiya tushunchasi haqida fikr yuritilganda, semantik freym konseptiga duch kelamiz. Lingvistik yondashuvda, hattoki ma’nosi bir-biriga juda yaqin bo‘lgan sinonimik so‘zlar ham boshqa turli so‘zlar bilan bemalol alohida birikmalar hosil qiladi hamda bunda har bir leksik birlik atrofidagi kontekstga chuqur e’tibor berish lozim. Leksemaning ma’noviy hususiyatlari uning alohida so‘zlar bilan birikma hosil qila olishi nuqtayi nazaridan sistematik tadqiq qilinishi maqsadga muvofiqdir. Leksik-tipologik kombinator yondashuvda freym konsepti vazifaviy bir xil prototipik holatlarni inobatga oladi.
Tadqiqotimizning asosiy fokusi ma’lum turdagi guruh fe’llarning semantik tipologiyasi ekan, Mariya Koptevskaya-Tammning suzish-harakat fe’llari doirasidagi metaforik holatlar yuzasidan bergan misollarini havola etamiz:12
Share with your friends: |