ITayanch so'zlar:embrional rivojlanish, postembrional rivojlanish, yuvenil davr, ^^ pubertat davr, gomeostaz, bioritm, anabioz.
Savol va topshiriqlar:
Ontogenez davrlarini tushuntiring.
Maydalanish, blastula, gastrula va neyrula bosqichlarini izohlang.
To'liq va chala o'zgarishlar bilan kechadigan rivojlanishni taqqoslang.
Biologik ritmlarni ifodalang va misollar keltiring.
Anabioz nima, undan qanday foydalanish mumkin?
Gomeostazning mohiyati va ahamiyatini tushuntirib bering.
Mustaqil bajarish uchun topshiriq: O'zlashtirilgan bilimlaringizga asoslanib insonlar hayotidagi bioritmlarga misollar keltiring.
12-Mavzu: Irsiyatning umumiy qonuniyatlari. Diduragay va poliduragay chatishtirish. Irsiyatning xromasaoma nazariyasi. Amaliy mashg’ulot-3. Masalalar yechish.
Reja: 1.Irsiyatning umumiy qonuniyatlari.
2.Diduragay va poliduragay chatishtirish.
3. Irsiyatning xromasaoma nazariyasi.
4. Amaliy mashg’ulot-3. Masalalar yechish.
Genetika barcha tirik organizmlarga xos bo'lgan xususiyat irsiyat va o'zgaruvchanlik qonunlarini o'rganuvchi fandir. Irsiyat - organizmning o'z belgisi va rivojlanish xususiyatlarini kelgusi avlodlariga o'tkazish xossasi bo'lib, irsiyat tur doirasidagi individlarning o'xshashligini ta'minlaydi. Irsiyat hayvonlar, o'simliklar, mikroorganizmlarga tur, zot, navning xarakterli belgilarini avloddan avlodga saqlab borish imkonini beradi.
O'zgaruvchanlik organizmlarning individual rivojlanish jarayonida yangi belgilarni hosil qilish xossasidir. Bir tur individlari o'rtasidagi tafovutlar organizm irsiyatining moddiy asoslari o'zgarishiga bog'liq. O'zgaruvchanlik tashqi muhit sharoitlari bilan ham belgilanadi. O'zgaruvchanlik tirik tabiatning xilma-xilligini yaratib, tanlash uchun material yetkazib beradi, irsiyat esa bu xilma-xillik orasidan eng moslanganlarini saqlab qoladi, o'zgaruvchanlik natijalarini mustahkamlaydi. Tiriklikning bu ikkala xususiyatlari - irsiyat va o'zgaruvchanlik organik olamning evolutsiyasi asosini tashkil qiladi.
Irsiyat mexanizmlari to'g'risidagi dastlabki fikrlar G. Mendel nomi bilan bog'liq.
G. Mendel kashfiyotining yaratilishidan ancha avval sun'iy duragaylash usuli qo'llanila boshlagan, belgilarning dominantlik xususiyatlari kashf etilgan bo'lsa ham, irsiyat qonunlari aynan shu olim tomonidan yaratilgan. G. Mendel irsiyatni o'rganishga yangicha yondashdi, gibridologik analiz usulini takomillashtirdi. Gibridologik (duragaylash) usul - bir-biridan keskin farq qiluvchi (alternativ) belgilarga ega bo'lgan organizmlarni chatishtirish va bu belgilarning keyingi avlodlarda yuzaga chiqishini tahlil qilishga asoslangan.
Gibridologik usulni qo'llashda quyidagilarga e'tibor berish kerak: ayrim belgilar (odatda 1 yoki 2 juft alternativ belgilar) irsiylanishini tahlil qilish; duragaylash uchun sof liniyalar yoki gomozigotalardan foydalanish; har bir individdan olingan avlodni alohida tahlil qilish; juda ko'p belgilardan bitta yoki bir-birini inkor etuvchi belgilarni ajratib olish va ketma-ket keladigan bir qancha avlodlarda ularning yuzaga chiqishini aniq miqdoriy tahlil qilish.
G. Mendel no'xat (Pisum sativum) o'simligi ustida tajribalar olib bordi. Ushbu o'simlik o'z-o'zidan va chetdan changlanadi, juda ko'p muqobil belgilarga ega .No'xat o'simliklarini ko'p marta o'z-o'ziga chatishtirish natijasida G. Mendel sof (toza) liniyalarni keltirib chiqardi. Ularni o'zaro chatishtirib, keyingi avlodlarda belgilar irsiyatlanishini tahlil qildi.